3-bob. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida to‘la huquqli tarzda ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish
18-modda. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning tengligini ta’minlash va kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik
Nogironlik belgisi bo‘yicha har qanday kamsitish taqiqlanadi.
Teng imkoniyatlarni ta’minlash va nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun davlat organlari nogironligi bo‘lgan shaxslarning obyektlar hamda xizmatlardan, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalardan, sog‘liqni saqlashdan, ta’limdan, ishga joylashishdan, shuningdek axborotdan va aloqa vositalaridan teng ravishda foydalanish imkoniyatlarini ta’minlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Davlat kamsitilishning barcha shakllaridan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy jihatdan teng ravishda va samarali himoya qilinishini kafolatlaydi.
Davlat insonning asosiy huquqlari va erkinliklaridan foydalanish imkoniyatini berishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi.
19-modda. Shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi
Nogironligi bo‘lgan shaxslar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tajovuzlardan himoya qilinish, o‘z shaxsiy hayoti, oilasi, uy-joyi yoki xat-xabarlari daxlsizligi, sha’ni va qadr-qimmati himoya qilinishi huquqiga ega.
Davlat nogironligi bo‘lgan shaxsning shaxsi, sog‘lig‘i holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash choralarini ko‘radi.
20-modda. Oilaga va oila muhitiga bo‘lgan huquq
Davlat nogironligi bo‘lgan bolalarning oilaga va oila muhitiga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtiriladigan nogironligi bo‘lgan bolalar sonini qisqartirish, ularning oilaviy sharoitlarda va nogironligi bo‘lgan bolalarni joylashtirishning boshqa shakllari doirasida qarindoshlarini jalb etish hisobidan muqobil parvarish qilinishini ta’minlash choralarini ko‘radi.
Davlat nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarga moddiy, maslahatga oid va boshqacha tarzda yordam beradi hamda ularni qo‘llab-quvvatlaydi.
21-modda. Fuqarolik va erkin harakatlanish huquqi
Nogironligi bo‘lgan shaxslar boshqa fuqarolar bilan teng ravishda fuqarolikni olish va o‘zgartirish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab erkin harakatlanish, O‘zbekiston Respublikasiga kirish va O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketish huquqiga ega, bundan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun qonunchilikda belgilangan cheklovlar mustasno.
Davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari nogironligi bo‘lgan shaxslarni ularning yoshi, jinsi va nogironlik shaklini, shuningdek shaxsiy ehtiyojlarini inobatga oluvchi qo‘llab-quvvatlash hamda xizmatlar ko‘rsatish dasturlarining mavjudligi va qulayligi to‘g‘risida xabardor qiladi.
22-modda. Uy-joyga bo‘lgan huquq
Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarga uy-joy qurilishi bo‘yicha davlat dasturlaridan va maxsus dasturlardan foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi.
Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarga va o‘z tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxs bor oilalarga uy-joyni qulay narxlar bo‘yicha olish uchun zarur shart-sharoitlar hamda imkoniyatlarni ta’minlaydi.
Uy-joyga yoki uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarni hisobga olish mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari tomonidan uy-joy olishga yoki uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni hisobga olish ro‘yxatlarini shakllantirish chog‘ida nogironligi bo‘lgan shaxslar va o‘z tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxs bor oilalar alohida ro‘yxatga kiritiladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uy-joy qurilishi bo‘yicha davlat dasturlari va maxsus dasturlar doirasida imtiyozli shartlar asosida uy-joy va imtiyozli ipoteka krediti olish huquqiga ega.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning va o‘z tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxs bor oilalarning elektron onlayn-auksionlar vositasida yer uchastkalarini sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarining o‘rni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda qoplanadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga uy-joyni taqsimlashda imkoniyatga qarab, obyektlar va xizmatlarning qulayligi prinsipiga rioya etilgan holda, ish joyiga, tibbiyot va reabilitatsiya muassasalariga yaqin bo‘lgan uy-joy beriladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat uy-joy fondining ko‘p kvartirali uylaridagi turar joylar ularning xohishiga ko‘ra pastki qavatlardan berilishi mumkin. Yuqori qavatlardagi kvartiralarga ega bo‘lgan nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘sh turar joylar mavjud bo‘lgan taqdirda ularni pastki qavatlarda joylashgan turar joylarga almashtirishga haqli.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga yoki o‘z tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxs bor oilalarga beriladigan turar joylar obyektlar va xizmatlarning qulayligi prinsipiga muvofiq bo‘lishi kerak.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar egallab turgan turar joylar nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakatlanishi va foydalanishi uchun maxsus vositalar hamda moslamalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Mazkur turar joylarni jihozlash mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar imtiyozli shartlar asosida ijtimoiy uy-joy olish huquqiga ega.
23-modda. Ijtimoiy infratuzilma obyektlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlariga rioya etgan holda loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish
Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va tashkilotlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning, shu jumladan o‘rindiqli aravachalardan hamda yetaklovchi itlardan foydalanuvchi shaxslarning barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlariga (turar joylarga, jamoat va ishlab chiqarish binolariga, imoratlar va inshootlarga, sog‘liqni saqlash va sport obyektlariga, madaniy-tomosha muassasalariga hamda boshqa muassasalarga) moneliksiz kirishi uchun shart-sharoitlar yaratishi shart.
Tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, jamoat binolari hamda inshootlarini loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlari inobatga olingan holda amalga oshirilishi kerak.
Jamoat binolari hamda inshootlarini loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish chog‘ida nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun avtotransport saqlash joylarini maqbul miqdorda hamda o‘lchamda barpo etish bo‘yicha choralar nazarda tutilishi kerak.
Uy-joylar va ijtimoiy infratuzilma obyektlarida liftlarni sotib olish hamda o‘rnatish chog‘ida, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tegishli tashkilotlar liftlarning nogironligi bo‘lgan shaxslarning barcha toifalari uchun qulay bo‘lishini va ulardan foydalanish imkoniyatini ta’minlashi shart.
Ijtimoiy-maishiy va madaniy maqsadlarga mo‘ljallangan qurilish obyektlarini hamda rekonstruksiya qilinayotgan obyektlarni foydalanishga qabul qilish nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillari davlat qabul komissiyasi tarkibiga kiritilgan holda amalga oshiriladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish qurilish loyihalarining majburiy qismidir. Binolarni, inshootlarni va ularning majmualarini qurish hamda rekonstruksiya qilishga doir normalar va qoidalar nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari fikr-mulohazalarini hisobga olgan holda ishlab chiqilishi kerak.
24-modda. Transport vositalarining va yo‘l infratuzilmasining qulayligi
Transport vositalarining va yo‘l infratuzilmasining qulayligi aholiga transport xizmati ko‘rsatuvchi tashkilotlar (tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar) tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari ishtirokida:
nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulaylik yaratish uchun jamoat transportining maxsus vositalar bilan jihozlanishini, shu jumladan alohida joylar jihozlanishini, eshitish qobiliyati zaif bo‘lganlar uchun axborot tablolari o‘rnatilishini hamda bekatlarning ovozli tarzda e’lon qilinishini;
shahar va qishloq jamoat transporti vositalarining yo‘nalishlari hamda ko‘rsatkichlari keskin farqlanuvchi rangdagi yirik harflar bilan tasvirlanishini;
yo‘lovchi poyezdlarining vagonlari maxsus o‘rinlar bilan va perronlar, shuningdek temir yo‘l vokzallari maxsus mexanik panduslar bilan jihozlanishini;
to‘xtash maydonchalarini shaharsozlik normalari va qoidalarini hisobga olgan holda jihozlash, shu jumladan ularga panduslar va tutqichlar o‘rnatish, transport vositasining kirish eshiklari oldidagi maydonchalarda taktil qoplamalarini qo‘llash, shuningdek elektron axborot tablolarini o‘rnatish;
piyodalar o‘tish joylari va chorrahalarini, ko‘chalar hamda umumiy foydalanishdagi yo‘llarni nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlariga muvofiq moslashtirish;
chorrahalarda tovushli va vizual signalizatsiya tizimlarini o‘rnatish;
aeroportlarda va aerovokzallarda, yirik temir yo‘l stansiyalarida, shuningdek metroda nogironligi bo‘lgan shaxslarni transport vositalarigacha kuzatib borish;
nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus kutish joylarini jihozlash yo‘li bilan ta’minlanadi.
Mahalliy transport vositalarini ishlab chiqish va ishlab chiqarish nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlari inobatga olingan holda amalga oshirilishi kerak.
25-modda. Mehmonxona xonalarining qulayligi
Mehmonxonalarning mulkdorlari umumiy xonalar fondining kamida bitta xonasini o‘rindiqli aravachadan foydalanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay tarzda jihozlashi, shuningdek eshitish va ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning tegishli ehtiyojlariga muvofiq e’lonlar uchun displeylar hamda ovozli qurilmalar o‘rnatilishini ta’minlashi shart.
26-modda. Axborotdan foydalanish
Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarga axborot olish huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni keng omma uchun mo‘ljallangan, qulay formatlardagi va nogironlikning turli shakllari hisobga olingan texnologiyalardan foydalangan holda axborot bilan ta’minlaydi.
Davlat odamlar o‘rtasidagi muloqot vositalari sifatida imo-ishora tilidan, muloqotning boshqa muqobil shakllaridan foydalanilishiga ko‘maklashadi.
Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarga televizion dasturlar, filmlar, teatr tadbirlari va boshqa madaniy tadbirlarning ular uchun qulay formatlarda bo‘lishini ta’minlaydi. Davlat telekanallarida yangiliklar ko‘rsatuvlarining surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etilishi ta’minlanadi.
Davlat kommunikatsiyaning muqobil shakllaridan (Brayl harflaridan va ovozli shakllardan) foydalangan holda badiiy adabiyotlar, maktab darsliklari, boshqa didaktik materiallar va o‘qitish vositalari nashr etilishini ta’minlaydi.
Davlat organlari va tashkilotlar o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirilgan axborot bilan qulay tarzda tanishish hamda xizmatlardan foydalanish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarga qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratishi shart.
Davlat organlari va tashkilotlar axborot-kommunikatsiya uskunalarining hamda axborot ta’minotining davlat xaridlariga davlat buyurtmasini amalga oshirishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning barcha toifalari uchun qulaylik mezonlariga rioya etilishini hisobga olishi kerak.
Davlat organlari va tashkilotlar, zarur bo‘lgan taqdirda, mazkur davlat organining yoki tashkilotning vakili va eshitishida nuqsonlari mavjud nogironligi bo‘lgan shaxs o‘rtasidagi muloqotni ta’minlash uchun imo-ishora tili tarjimonini shartnoma bo‘yicha yollaydi.
27-modda. Madaniy hayotda ishtirok etishga, dam olishga va sport bilan shug‘ullanishga bo‘lgan huquq
Davlat organlari va tashkilotlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning moddiy madaniy meros obyektlaridan, turistik hamda sport obyektlaridan va inshootlaridan, shuningdek dam olish obyektlaridan foydalanishini ta’minlaydi.
Teatrlar, muzeylar, kinoteatrlar, axborot-kutubxona muassasalari va axborot-resurs markazlari, madaniyat va istirohat bog‘lari nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun qulay bo‘lishi kerak.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning moddiy madaniy meros obyektlaridan, turistik va sport obyektlari hamda inshootlaridan, shuningdek tashkilotning dam olish obyektlaridan foydalanishini ta’minlash maqsadida, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tashkilotlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari ishtirokida:
nogironligi bo‘lgan shaxslarning va ular oilalarining madaniy, sport hamda turistik tadbirlarda ishtirok etishiga ko‘maklashadi;
nodavlat notijorat tashkilotlari bilan sheriklikda madaniy, sport va ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilishini tashkil etadi;
nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanish, sport musobaqalarini o‘tkazish va ularda ishtirok etish uchun zarur shart-sharoitlar hamda imkoniyatlar yaratadi;
faoliyati nogironligi bo‘lgan shaxslarni sport bilan shug‘ullanishga va jamiyatning madaniy hayotiga jalb etishga qaratilgan nodavlat notijorat tashkilotlariga ko‘maklashadi;
nogironligi bo‘lgan shaxslarning barcha darajalardagi sport tadbirlarida ishtirok etishini targ‘ib qilish va rag‘batlantirishda ishtirok etadi.
Tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tashkilotlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport inshootlari obyektlaridan, dam olish obyektlaridan, shuningdek turistik obyektlardan foydalanishini, shu jumladan bepul asosda foydalanishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Davlat mulki bo‘lgan sport obyektlari va inshootlarining sport zallari hamda xonalarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanish uchun bepul asosda taqdim etiladi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Davlat sportning paralimpiya turlari bo‘yicha murabbiylar, hakamlar hamda boshqa mutaxassislarni o‘qitish va tayyorlashni ta’minlaydi.
Davlat organlari nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan shug‘ullanishi uchun shart-sharoitlar yaratish va ularni sport bilan shug‘ullanishga jalb etishga doir dasturlarni nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari bilan birgalikda har yili ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi.
Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan shug‘ullanishini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratadi.
28-modda. Murojaat qilish huquqi
Nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat organlariga, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib murojaat qilish huquqiga ega.
Davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari murojaatlarni ko‘rib chiqayotganda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda qonunlari talablariga rioya etishi, ushbu murojaatlarning to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi uchun choralar ko‘rishi, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning buzilgan huquqlari, erkinliklari tiklanishini hamda ularning qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida choralar ko‘rishi shart.
Davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari nogironligi bo‘lgan shaxslarning murojaatlar (arizalar, shikoyatlar, takliflar) bilan kirishi uchun quyidagilar vositasida zarur shart-sharoitlar yaratishi shart:
shaxslararo muloqot vositasi sifatida imo-ishora tilini e’tirof etish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek uni rivojlantirish hamda jamiyat va davlat hayot faoliyatining turli sohalarida qo‘llash choralarini ko‘rish;
nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish va amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan hollarda surdotarjima xizmatlarini ko‘rsatish;
nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan o‘z murojaatini imzolash uchun faksimil imzodan foydalanish.
Eshitishi va nutqi bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarga:
tergov harakatlarini amalga oshirishda yoki jinoyat, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud protsesslarida ishtirok etish chog‘ida;
hujjatlarni yoki bitimlarni notarial tartibda rasmiylashtirishda;
avtomobilni boshqarish ko‘nikmalariga yoki kompyuter savodxonligiga o‘qish chog‘ida;
davlat xizmatlari ko‘rsatish chog‘ida surdotarjimon xizmatlari ko‘rsatiladi.
Eshitishi va nutqi bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarga surdotarjimon xizmatlari qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda ham ko‘rsatilishi mumkin.
Davlat har yili surdotarjimonlar, surdopedagoglar, defektologlar va logopedlar tayyorlanishini ta’minlaydi.
29-modda. Nogironligi bo‘lgan shaxsning faksimil imzosi
Nogironligi bo‘lgan shaxsning faksimil imzosi — sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra (ko‘rishning buzilishi, qo‘l-oyoqlar yo‘qligi, harakatlarni muvofiqlashtirishning buzilishi, falajlik) o‘z qo‘li bilan imzo qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lmagan nogironligi bo‘lgan shaxsning o‘z qo‘li bilan qo‘ygan imzosi o‘rnini bosadigan, maxsus tayyorlangan shtamp (klishe).
Nogironligi bo‘lgan shaxsning faksimil imzosi nogironligi bo‘lgan shaxs tomonidan faqat, agar u o‘zining jismoniy nuqsonlari sababli zarur hujjatlarni imzolash chog‘ida o‘z qo‘li bilan imzo qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, qo‘llanilishi mumkin.
Faksimil imzo nogironligi bo‘lgan shaxs uchun tayyorlanadi va uning tomonidan butun hayoti davomida foydalaniladi. Faksimil imzo yo‘qolgan taqdirda uning dublikati tayyorlanadi.
Hech kim faksimil imzodan foydalanishi munosabati bilan o‘z fuqarolik huquqlarini amalga oshirishda cheklanishi mumkin emas.
30-modda. Jamiyatning ongida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va qadr-qimmatiga hurmatni shakllantirish hamda mustahkamlash
Davlat organlari jamiyatning ongida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va qadr-qimmatiga hurmatni shakllantirish hamda mustahkamlash maqsadida:
nogironligi bo‘lgan shaxslarning faol ijtimoiy roli ijobiy qabul qilinishiga ommaviy axborot vositalari va matbuot vositasida ko‘maklashishni;
nogironligi bo‘lgan shaxslarning salohiyatini hamda jamiyat va davlat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini targ‘ib qilishni;
nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy integratsiyasiga imkon beruvchi timsolini ijobiy va bag‘rikenglik asosida gavdalantirish yo‘nalishidagi ommaviy axborot vositalarini rag‘batlantirishni;
nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan qotib qolgan qarashlarni va xurofotlarni yo‘q qilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirish;
ta’limning barcha bosqichlarida, shu jumladan bolalarda go‘daklik yoshidan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishni tarbiyalashni;
nogironligi bo‘lgan shaxslarning qadr-qimmati va qobiliyati hamda ularning ish joyidagi va mehnat bozoridagi jamoa yutuqlariga qo‘shayotgan hissasi e’tirof etilishiga ko‘maklashishni;
nogironligi bo‘lgan shaxslarga va ularning huquqlariga bag‘ishlangan tarbiyaviy-tanishtiruv dasturlarini ishlab chiqish hamda joriy etishni ta’minlaydi.
Davlat har yili quyidagi davlat buyurtmalarini joylashtiradi:
jamiyatda nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan qotib qolgan qarashlarni va xurofotlarni bartaraf etishga, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijobiy timsolini shakllantirishga qaratilgan badiiy, hujjatli filmlar, spektakllar tayyorlanishiga doir;
nogironligi bo‘lgan shaxslarning salohiyatini hamda jamiyat va davlat hayotiga qo‘shadigan hissasini targ‘ib qilishga, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijobiy timsolini yaratishga qaratilgan ijtimoiy reklama axborotini hamda maqolalarni tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida yoritishga doir.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risidagi ijobiy tasavvurga qaratilgan ijtimoiy reklama telekanallarda, matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida joylashtiriladi.
Huquq va gumanitar yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari bo‘yicha kurslar o‘tkaziladi va o‘quv fanlari o‘rgatiladi.